Yangi texnologiyalarni targ’ib qilishni xohlaysizmi? Insonlarda yangi odatlarni shakllantiring" - Humans rahbari Vladimir Dobrinin negativ, raqobat, muammolar va imkoniyatlar haqida
Chegirmalar
Humans fintex platformasining asoschisi - loyihaning O'zbekiston bozoridagi dastlabki yutuqlari, ekotizimning o'sishi va raqamli tengsizlikni bartaraf etish to'g'risida
Vladimir, bundan bir qancha vaqt muqaddam siz ambitsioz kompaniya o'z joyida sifatli xizmatlarni taklif qila olmasligini ta'kidladingiz. Hamyonda va mijozning boshida muhim o'rin egallash zarur. Yaqinda Humans 2022 yilning birinchi yarmi uchun moliyaviy hisobotlarni taqdim etdi. Natijaga ko’ra, xo’sh, Humans o'zbekistonlik foydalanuvchilarning boshlari va hamyonlarida qanday o'rinni egallar ekan?
- Humans.uz 2022 yilning birinchi yarmidagi daromadi 57 foizga o'sdi, foydalanuvchilar soni esa 2 milliondan oshdi — aslida biz O'zbekiston aholisining deyarli 6 foizini qamrab olishga muvaffaq bo'ldik. Ammo biz har qanday holatda ham hisobotda chiroyli raqamlarni olishga intilmadik. Asosiysi, xizmatlar iloji boricha keng auditoriyaga taqdim etildi.
Bir necha yil ichida biz raqamli tengsizlik muammosi hali ham dolzarb bo'lgan mintaqada raqamli ekotizimni qurdik. Endi tasavvur qiling-a, bugungi kunda O'zbekistondagi chekka qishloqda yashovchi fuqaro ilovani yuklab olib, 15 soniyadan so'ng xizmatlar haqini to'lashi, xaridlar qilishi, yaqinlariga pul o'tkazishi mumkin. Hatto haqiqiy tovarlar va xizmatlarga sarflashi mumkin bo'lgan keshbekni ishlab olishi mumkin.
Biz hal qilgan asosiy muammo raqamli xizmatlarning mavjudligi edi. Zero, jami 750 mingta Humans VISA bank kartalari faollashtirilib, biz 2 million foydalanuvchini ulaganimizda, biz bu vazifani bajardik, deb bemalol aytishimiz mumkin.
Hozirgi paytda ko'plab kompaniyalar texnologiya orqali inson imkoniyatlarini kengaytirish haqida gapirishmoqda – masalan, smartfon insonning davomiga, har doim yonida bo'lgan yordamchi vositaga aylanmoqda. Telefondagi super ilovalar esa foydalanuvchi va uning qurilmasiga to'g'ri yo'ldir. Humans shunday model bo’yicha ishlaydimi?
- Ha, Humans.uz bir ilovada aloqa operatori, fintex platformasi va marketpleys funksiyalari bilan raqamli ekotizim sifatida ishlaydi – bu esa O'zbekiston bozoridagi ilk shunday mahsulotdir. Superappdan foydalanish oson: mijoz dunyodagi har qanday karta bilan to'ldirilishi mumkin bo'lgan yagona Humans hisob raqamiga ega, uning yordamida pul o'tkazmalarini amalga oshirish, pul yuborish, pulni saqlash va kredit olish mumkin. Va bizning mijozlarimiz bu imkoniyatlardan foydalanib keladilar — joriy 2022-yilning dastlabki olti oyida 2021-yilning birinchi yarmiga nisbatan Humans VISA kartalari bo’yicha tranzaksiyalar sonining o'sishi 364% ni tashkil qildi.
Demakki, biz insonlar uchun asosiy ehtiyojlar to'plamini yopyapmiz, ularga Internet va aloqa, to'lovlar va o'tkazmalar, shu jumladan transchegaraviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beryapmiz.
Keyingi rejangiz Germaniya. Yevropa bozorida qanday ehtiyojni qoplashni rejalashtiryapsiz? Harqalay, fintex xizmatlari bozori u erda yaxshi rivojlangan, raqobat katta bo’lsa.
- Agar siz Germaniyaning moliyaviy xizmatlar bozoriga diqqat bilan nazar tashlasangiz, so'nggi yillarda unchalik sezilarli darajada o'zgarmaganligini payqaysiz. U erda hanuzgacha dinozavr-banklar o'zlarining bahaybat va noqulay ilovalari bilan hukmronlik qilmoqda. Bunga qog'oz byurokratiyasi va qattiq, moslashuvchan bo'lmagan tartibga solishning jiddiy muammosini qo'shing va shunda nima uchun fintex xizmatlari sanoati hech qanday tarzda ko'tarilmayotgani aniq-ravshan bo'ladi. Qolaversa, bir juft pterodaktil ham mavjud: Revolut va N26, ular allaqachon uchishni o'rganishgan, ammo baribir dinozavrliklaricha qolishgan. Yangi o'yinchilar ham paydo bo'lishyapti, masalan, Vivid xizmati. Ular biz kabi, bozorni yangi yo'nalishga qaratishga urinmoqdalar.
Germaniyada superapplar deyarli yo’q. Bunda nemis foydalanuvchisining ehtiyojlari juda aniq: unga shaffoflik, aniqlik va foyda muhimdir. Biz byurgerlarga aynan shu narsani berishni istaymiz. Va buning uchun biz yangi texnologiyalarni ixtiro qilishimiz shart emas - O'zbekiston bozorida allaqachon sinab ko'rilgan narsalarni yangi marketing qadoqlariga joylashtirishning o’zi kifoya.
Ommaviylashtirish haqida gap ketganda: O'zbekistonda siz jami milliondan ortiq foydalanuvchini uladingiz. Biroq bu geografik jihatdan qanchalik xilma-xil auditoriya? Humans xizmatlari Toshkentdan tashqarida nechog’lik talabga ega yoki poytaxt auditoriyasi uchungina mahsulot, xolosmi?
- O'zbekistonda 195 ta shahar mavjud bo’lib, ularning deyarli har birida Humans savdo nuqtasi mavjud. Bundan tashqari, biz Humans SIM-kartalari va bank kartalarini O'zbekistondagi istalgan manzilga yetkazib beramiz — geografiyasi imkon qadar keng. Biz tarqatishga, deylik, Coca-Cola kabi yondashamiz – mijozga imkon qadar yaqin bo’lishimiz zarur. Coca-Cola, masalan restoran menyusida ham, uzoq chekkadagi do‘kon peshtaxtasida ham mavjud. Mijozimiz Humans xizmatlarini to’g’ridan-to’g’ri uyida olishi yoki savdo nuqtasiga kelib, 2 daqiqada ulanishi mumkin.
Jami 156 aholi punktlarida 1100 dan ziyod nuqtalarimiz mavjud. Qiyoslash uchun misol – O’zbekistonda barcha banklarining atigi 900 ga yaqin savdo ofislari bor. Ya’ni mamlakatdagi jami banklardan ko’ra biz mijozga yaqinmiz. Biz, shu bilan birga ulanish jarayonini soddalashtirdik – hech qanday qog’ozbozlik va 10 betlab shartnomalar imzolash degan jarayon yo’q. Shartnoma planshetda elektron imzo yordamida imzolanadi, bank kartasi esa to’g’ridan-to’g’ri mijoz oldida bosib chiqariladi. O’zbekistonda banklar va aloqa operatorlari uchun, xususan Yevropada ham noyob jihat, deb e’tirof etish mumkin.
Biz asosan mijozga peshvoz chiqamiz – savdo nuqtalarini faqatgina savdo markazlari yoki markaziy ko’chalardagina emas, balki iste’mol supermarketlari, bozorlar va vokzallarda – insonlar gavjum joylarda ochamiz. Humans tahlilchilari aniqlik bilan insonlar ko’p o’tadigan joylarni aniqlashadi – aynan shunaqa joylarda savdo nuqtalari ochiladi. Ba’zan atigi 10 metr hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bir so’z bilan aytganda, mijoz qayerda bo’lsa, biz ham o’sha yerdamiz.
Foydalanuvchilarning ko’nikmalariga ta’sir qilishga muvaffaq bo’ldingizmi? Shartli ravishda o’zbekistonliklarni analog to’lovlardan raqamli to’lovlarga o’tkazishni nazarda tutyapman.
- Humans ilovasida faqat ichki C2C-o’tkazmalar (mijozdan mijozga) joriy yilning birinchi yarmida o’tgan yilning shu davriga nisbatan 722%ga o’sdi – bu juda jiddiy o‘sish. O’zbekistonda onlayn-to’lovlar ulushi ham jumladan bizning yordamimiz bilan muntazam o’smoqda. Biroq foydalanuvchilarimizning aksariyati hanuzgacha onlayn-to’lovlarga ehtiyotkorlik bilan, “bir sinab ko‘ray-chi, balki aldashmas” tamoyiliga ko’ra munosabatda. Haqiqatda qo’llaniladigan texnologiya va mijozning tafakkuridagi raqamli tajriba o’rtasida ulkan aqliy bo’shliq mavjud. Boshqa mamlakatlarda oddiy va xavfsiz bo’lib qolgan omil O’zbekistonda hamon ko’pchilik tarafidan kelajakda xavfli vosita sifatida qabul qilinadi.
Shu sababli biz interfeysni imkon qadar soddalashtirish, kirish bo’sag’asini pasaytirishga harakat qilamiz. Masalan, mobil qurilmada Humans VISA kartasini tokenizatsiya qilishni rejalashtirmoqdamiz. To’lovlar Apple Paydagi singari ishlaydi – siz telefonni terminalga yaqinlashtirasiz va xaridingiz haqini to’laysiz. Bir qarashda g‘ayrioddiy hech narsa yo’q, ammo bunga ko’nikish kerak. Yodimda, bundan besh yil muqaddam meni tanishimni Fransiyaning kichik bir shahrida dorixonada smart-soati bilan hisob-kitob qilayotganida hibsga olishdi. Moslashishi uchun O’zbekistonga ham vaqt kerak bo’ladi.
Har qanday yosh iqtisodiyot raqiblari kam bo’lsa, hukumat tarafidan qo’llab-quvvatlansa, moslashuvchan qonunchilik bo’lgani kabi xavf-xatarlar – yirik o’yinchilarning mahalliy raqobati, taqsimlangan ta’sir hududlari kabi afzalliklarni beradi. Sizlar mana shunday xatarlar bilan O’zbekistonda qanday ishlaysizlar? “Agarda…” kabi qandaydir ssenariylarini ko’rib chiqasizlarmi?
- “Agarda" ssenariysi doimo mavjud, ammo bunga tayyorgarlik ko’rish imkonsiz. Iqtisodchi olim Nassim Tolib ta’riflagan “qora oqqushlar”ning mohiyati avvaldan aytib bo’lmasligidadir. Tolibning o’zi kompaniyalarga “mo‘rtlikka qarshi”likni– ya’ni zarbalarga chidamlilikni rivojlantirishni maslahat beradi. Humans’da biz eng boshidan jamoa va kompaniyani har qanday qiyinchilikni yengish uchun qurganmiz. Agarda biz kuniga ikki, ba’zan uch inqirozga tayyor bo‘lmaganimizda, biz allaqachon yopilib ketgan bo’lardik.
Bunday holda, ehtimol sizga vaziyatni hisobga olgan holda biror narsani o'zgartirishingizga to‘g‘ri kelgan bo’lsa kerak. Kompaniya tarixida strategiya yoki nuqtai nazaringizni tubdan o'zgartirganingizga to‘g‘ri kelgan muhim burilishlar bo'lganmi?
- Hali uch yil oldin biz hozirdagi kabi aniqlik bilan qanday biznes qurayotganimizni tasavvur qilmagan edik. Biz intuitiv ravishda harakat qildik, ichki qadriyatlar, mijozlar ehtiyojlari va trendlarni tushunish bilan boshqardik. Va hozir endi, ortga qarab, biz biznes g'oyasi va modelini qanchalik o'zgartirganimizni tushunyapman. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish tamoyillari, mahsulotni yaratish jarayoni va qaror qabul qilish tartibi ustida ishlashga to‘gri keldi.
Ammo ba'zi g'oyalar va tamoyillar Humansga dastlab kiritilgan. Ulardan birida shunday deyiladi:"agar biz pul topsak, baham ko'ramiz". Har safar biz biznes oqimini baholaymiz va agar foyda topsak, uning bir qismini mijoz bilan baham ko'ramiz: bonuslar yoki keshbek taklif qilamiz. Bir qarashda bu oddiy bo'lib tuyuladi, ammo kam sonli kompaniyalar ushbu prinsipni tan olishga va bundan ham a’losi — unga rioya qilishga tayyor.
Sizni fikringizcha, muhimi Humans qadriyatlari. Ular nimalardan iborat?
- Biz Humans for humans g’oyasini targ’ibot qilamiz. Biz va'z qilamiz - bu nafaqat chiroyli shior, balki kompaniyaning asosi. U beshta tamoyilga asoslanadi, ulardan biri haqiqiy foyda olish istagi. Biz kerakli va muhim narsani yaratayotganimizga qanday ishonch hosil qilishimiz kerak? O'z-o'zini tekshirishni amalga oshirish. Bizda mahsulotni baholashning ichki chek ro'yxati mavjud va eng yuqori ball biz o'zimiz foydalanadigan yoki do'stlarimiz va yaqinlarimizga tavsiya qiladigan rivojlanish orqali olinadi.
Agar ushbu mezonga amal qilinsa, xizmat o'z auditoriyasini topadi va uni targ'ib qilish va sotish oson bo'ladi.
Bizning qadriyatlarimiz insoniyat, erkinlik va o'zgarish qobiliyatiga asoslangan — bu holda bugungi kunda muvaffaqiyatli kompaniya va muvaffaqiyatli brend qurish mumkin emas.
Suhbat so’nggida loyihaning vazifasi haqida gaplashmoqchiman. Siz raqamli tengsizlik muammosini hal qilmoqchi ekanligingizni aytyapsiz, lekin moddiy infratuzilmani (Maskning Starlink loyihasi bilan bir xil) emas, balki xizmat yechimini — super dasturni taklif qilyapsiz. Qurilmalar yoki tarmoqqa kirish imkoniga ega bo’lmagan auditoriya qismi nima qilsin? Agar insonda internetli smartfon bo’lmasa, superapp uni muammosini hal qilib berolmaydi.
- Zamonaviy dunyoda moddiy va nomoddiy o’rtasidagi farq juda kam. Xo’sh, mashhur mobil o’yin va smartfon o’rtasidagi farq nimada? Birinchisi ikkinchisiz imkonsiz, biroq kontentsiz devays ham mantiqsizdir.
Ha, superilovadan foydalanish uchun to’siqlar mavjud. Bular gadjetning mavjudligi, tarmoqning bemalolligi, xavfsiz avtorizatsiya va ijtimoiy injeneriya muammolari ham. Ammo biz kelajakka tayanib, ekotizim kutyapmiz va taraqqiyotni to’xtatib bo’lmaydi. Internetdan foydalanish yanada qulaylashmoqda, smartfonlar arzonlashmoqda, identifikatsiyalash jarayoni soddalashtirilmoqda, foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish yaxshilanmoqda.
Kir yuvish mashinasini 120 yil muqaddam kashf etgan bo’lsalar, hanuzgacha ehtiyojmand mahsulot sanaladi. Kir yuvish mashinalari bozori o’sib bormoqda, va yanada o’sishda davom etadi, sababi bu qurilmalarning kirib borishi hali ham sayyorada juda past. Super ilova ham – bu hayotni soddalashtiradigan kashfiyotdir. Unga ham vaqti kelib, har bir inson ega bo’lgisi keladi. Bozor hajmi salohiyatli darajada cheksizdir, bizning vazifamiz o’zgarishlarni kuzatib borish va o’z vaqtida moslashishdir. Humansda biz shunchaki texnologiyani tatbiq etmaymiz, biz insonlarda yangi ko’nikmalarni shakllantiramiz. Umuman dunyo, shuningdek xususan O’zbekiston ham jadallik bilan o’zgarmoqda, biz esa bu jarayonni har bir inson uchun yanada tushunarli va ochiq qilishga urinyapmiz.