Aloqa, komissiyasiz o'tkazmalar, bank kartasi, xaridlar, keshbek | HUMANS Borku. Doimo Aloqada.

«Biz O‘zbekistondagi eng qimmatbaho xususiy kompaniyani barpo etmoqdamiz» - Humans rahbari Vladimir Dobrinin negativ, raqobat, muammolar va imkoniyatlar haqida

Chegirmalar

«Biz O‘zbekistondagi eng qimmatbaho xususiy kompaniyani barpo etmoqdamiz» - Humans rahbari Vladimir Dobrinin negativ, raqobat, muammolar va imkoniyatlar haqida

Humans asoschisi va rahbari Vladimir Dobrinin qanday qilib kompaniya kuniga 20 minglab bepul SIM-karta tarqatgani, xodimlarning qanday xislatlarini qadrlashi va mamlakatdagi eng qimmatbaho kompaniyani qay tarzda barpo etishni rejalashtirganligi haqida so‘zlab berdi.

Dobrynin interview

Surat: Humans

— Loyihangiz joriy etilganiga olti oydan oshdi. Natijalar bormi?

Biz mobil ilovamizning birinchi versiyasini 2020-yil 16-iyun kuni ishga tushirdik. O‘sha vaqtdan boshlab to‘rtta yo‘nalishga ega, ya’ni, to‘rtta biznes: to‘rt xil tubdan farq qiladigan xizmatlar turini ilova orqali taqdim etmoqdamiz — mobil operator, bank, tovarlar va xizmatlar taqdim etadigan onlayn-platforma, shuningdek bonus programmasi (keshbek-servis). Hozirda faol foydalanuvchilarimizning soni 700 mingdan ortiq, lekin o‘ylaymanki, sizni va obunachilaringizni uyali aloqadan faol foydalanuvchi abonentlar soni qiziqtiradi — ularning soni 400 mingdan ortiq.

— Sizning rejalaringiz taxminlaringizga ko‘ra amalga oshdimi?

Ko‘plari amalga oshmadi. Sababi bizning ishga tushish rejamiz avval boshqacha edi — birinchidan, ertaroq start bermoqchi edik, ikkinchidan, xizmatlarni bosqichma-bosqich emas, balki biryo‘la hammasini ishga tushirmoqchi edik.

Afsuski, yil oson kechmadi, hamma ishlar biz istagan vaqtda bitmadi, taxminlarimiz ham amalda tasdiqlanmadi.

Ammo natijada odamlar keng ko‘lamli sifatli xizmatlarga ega yagona mahsulotga ega bo‘lishdi, mijozlarimiz bazasi esa kengaydi.

1 s

Surat: Yevgeniy Sorochin / Spot

— Bir necha marta belgilangan muddatlar o‘zgardi, nega bunday bo‘ldi?

Aytib o‘tganimdek, Humans — bir necha xil biznesga ega mobil ilova. Innovatsion tizim va trafikli mobil operatorni to‘laqonli ishga tushirish qanday bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring — buning uchun odatda bir yil kerak, bizning maqsadimiz esa yarim yil ichida to‘rt xil biznesni birdaniga ishga tushirish edi.

Albatta bu biz uchun chinakam chaqiriq bo‘ldi. Qanday qiyinchiliklarga duch kelishimizni tushunar edik, ammo hamma narsani oldindan bilib bo‘lmaydi.

Qolaversa, jarayonlar qanday vaziyatda olib borilganligini ham tushunish lozim — hamma masofadan turib ishlagan, avtotransport bilan bir qatorda samolyotlar uchun ham chegaralar yopilgan; har xil shaharda joylashgan xodimlarda oddiy masalalarni yuzma-yuz hal qilish uchun ham imkon bo‘lmagan.

Masalan, o‘sha vaqtda bank jarayonlari va mobil operator jarayonlarini boshqargan barcha texnik mutaxassislarimiz Toshkentda bo‘lmagan. Biz masofadan turib ish boshlashga majbur bo‘ldik — binobarin, muddatlar ham surildi. Qisqa qilib aytganda, bunga tayyor turishga imkon yo‘q edi, ishlar qanday olib borilishini hech kim tushunmas edi, shuning uchun “syurprizlar” bizni har qadamda kutib turar edi.

— Demak, kuz davomida sizga yo‘naltirilgan negativ mulohazalar shu sababdanmidi? Nimaga o‘sha vaqtda kommunikatsiya bo‘lmadi?

Ha, biz uchun kuz nihoyatda uzoq vaqt davom etdi va ko‘p bosqichli bo‘ldi. Sentabr-oktabr oyida biz mamlakat bo‘ylab 67 ta nuqtamizda kuniga 20 minglab bepul SIM-kartalarni tarqatdik. O‘sha vaqtda kommunikatsiya bo‘lmaganligining sababi shundaki, bizga marketing kerak emas edi. Odamlar katta oqimda bizga ulana boshlashdi, barcha arizalarni ko‘rib chiqishga bizning imkonimiz ham bo‘lmadi — qo‘llab-quvvatlash markaziga kelib tushgan murojaatlarning soni rekord darajaga, kuniga 25 mingtagacha chiqdi.

O‘ylaymanki, hozirgi kunda boshqa mobil operatorlarning qo‘llab-quvvatlash markazlarida bunday yuklanishlar yo‘q. O'sha davrda reklama bilan shug‘ullanishga vaqtimiz ham yetmas edi. Noyabr oyida biz tijoriy davr boshlanganligini e’lon qildik va mijozlarni bepul tariflardan pulli tariflarga migratsiya qilishni boshladik. Buni birdan amalga oshirmadik— provayderning to‘lov shlyuzidagi ortiqcha yuklanishlarning oldini olish uchun mijozlarni pulli xizmatlarga o‘tishga bosqichma-bosqich tayyorladik.

Umuman olganda, butun noyabr oyi biz uchun og‘ir davr bo‘ldi — 600 mingdan ortiq mijozlar migratsiya qilindi.

2 s

Surat: Yevgeniy Sorochin / Spot

Servislarimizning prinsiplarini ipidan ignasigacha tushuntirish uchun mijozlar bilan faol ishladik (to‘lov qilish, tarifni ulash va hokazolar).

Biz O‘zbekiston uchun noodatiy servis taqdim etdik, u mobil ilovaga kirish, xizmatni tanlash, kartani ulash va bog‘lash, hamda uydan chiqmasdan turib, 2-3 daqiqa ichida o‘zlari uchun kerakli xizmatlarni yaratib, foydalanishni boshlash imkonini beradi.

Butun noyabr oyi davomida va dekabr oyining boshida biz boshqa formatdagi kommunikatsiya bilan ishladik — ular ko‘proq o‘rgatuvchi talqinda edi. Undan keyingi bosqich esa — ko‘chalarda reklama joylashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda faollikni kuchaytirish edi.

O‘ylaymanki, biz ko‘p beriladigan savollar masalasini a’lo darajada hal qildik, auditoriyamizni o‘rgatish bo‘yicha oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishdik.

— Kompaniyada negativ mulohazalar bilan qanday ishlaysiz? Buning uchun maxsus bo‘limingiz bormi?

Albatta, buning uchun bizda barcha kanallar bo‘yicha nazorat qilish tizimi ishlab chiqilgan. Shu bilan birga ovozli kontakt markazi va multimediada texnik qo‘llab-quvvatlash ham ishtirok etadi.

Shaxsan menga ham Facebook va Instagram’da murojaat qilishadi, men o‘zim mijozlarimizda yuzaga kelgan savollar va ularning muammolarini hal qilinishi bilan bog‘liq jarayonlarni nazorat qilaman — axir bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznesimiz va obro‘yimiz bilan bog‘liq.

Bizning turli xildagi vaziyatlar, shikoyatlar, kamchiliklar bilan ishlash uchun to‘rt pog‘onali arizalarni qo‘llab-quvvatlash tizimimiz mavjud.

Humans – katta kompaniyami? Kompaniyangizda nechta odam ishlaydi? Kompaniya katta yoki kichikligi haqida fikr yuritar ekanmiz, xodimlar soni asosida xulosa qilishimiz mumkin. Masalan, kontakt markazida 200 nafardan ortiq odam, savdo nuqtalarida – 400 ta va mahsulotlar, marketing, IT, moliya va yuridik departament kabi bo‘limlarda 300 nafarga yaqin ishchi xodimlar ishlaydi.

Nazarimda, O‘zbekistonda, aynan iste’molchilik segmentidagi kompaniyalarda xodimlar soni buncha bo‘lishi kam uchraydigan holat. Ammo butun jamoamiz bitta mamlakatda joylashmagan, joylashgan nuqtalarimiz juda ko‘p — Minskda, Varshavada, Peterburgda va Singapurda.

— O‘zbekistondan tashqarida aynan qanday kadrlar ishlaydi, bu IT-mutaxassislarmi?

Ha, bizda O‘zbekistonda IT-departament yo‘q. Faqatgina telekommunikatsiya qurilmalarini qo‘llab-quvvatlash xizmati bor.

Departamentlar turli hududlarda joylashgan — masalan, moliyachilar uchta shaharda, IT esa — to‘rtta shaharda joylashgan.

Boshidan kompaniya tuzilmasi shunday qurilganki, xodimlar mavjud bo‘lgan joylardan qidiriladi. Masalan, biz Minskda ofis ochdik, chunki u yerda IT-mutaxassislarning katta o‘chog‘i bor, Varshavada ish boshlashimizdan sabab — u yerda yevropa mutaxassislari bor.

3 s

Surat: Yevgeniy Sorochin / Spot

Xodimlarga tegishli mavzuda, kadrlar yetishmovchiligi bilan qanday ishlaysiz?

Bizda O‘zbekistonda qandaydir bir departamentga kimdir kerak, degan klassik ma’noda kadrlar yetishmovchiligi yo‘q yoki juda kam. Ammo ambitsioz masalalarni hal qilish uchun tajriba darajasi bozordagidan yuqoriroq bo‘lgan mutaxassislar yetishmasligi ayon.

Biz to‘g‘ri odamlar, dunyoqarashi to‘g‘ri bo‘lgan insonlar kabi kadrlar yetishmovchiligini his etmoqdamiz. Bunday odamlar soni juda kam, bunda qaysi mamlakat nazarda tutilishining ahamiyati yo‘q.

Yana jamoamizga qo‘shilish ham ancha qiyin, axir nomzod to‘rtta suhbatdan o‘tishi kerak, shu jumladan men bilan ham. Xodim, masalan, faqatgina dasturlashni biladigan IT-mutaxassis, yoki faqat moliyaviy prognozlar qilishni biladigan moliyachi bizga to‘g‘ri kelmaydi. Men uchun bizning kompaniya — bu odamlar. Aynan ular kompaniya qadriyatini tashkil qiladilar. Ofisimizga kiraverishda Humans to Humans (“Odamlar odamlar uchun”), deb yozilgan, bu shunchaki emas. Biz boshqalar uchun qadriyat yaratadiganlarni tanlaymiz, bu esa juda kam uchraydigan xislat.

— Demak, siz uchun birinchi o‘rinda universal ko‘nikmalar muhim?

Bunday emas. Biz haqiqatdan ham biz bilan ishlamoqchi bo‘lgan odamlarni professional ko‘nikmalari bilan bir qatorda, ularning soft skills (shaxsiy xislat)lariga ham qattiq e’tibor beramiz.

Bizning tajribali professional xodimlarimiz bor, ammo biz nafaqat ularning professionallik darajasiga, balki kommunikativ qobiliyatlariga ham baho beramiz.

Bizning kompaniyada yaratiladigan muhit biz uchun juda muhim. U barkamol va muloqot uchun shunchalar qulay bo‘lishi kerakki, bu yerdagi xodimlar o‘z ish joylarini yaxshi ko‘rishlari kerak, bunday muhit esa, o‘z o‘rnida, odamlar tomonidan barpo etiladi. Agar muhit odamlar bilan ishlash uchun to‘g‘ri kelmasa, unda qadriyatlar yaratilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

— Aytgandek, siz bilan turli loyihalarni hatto kompaniyalarni boshqargan odamlar ishlab kelgan (masalan, Hi-Tech Bank’da tajribaga ega Ilhom Omonov va boshqalar). Bozordagi mishmishlarga qaraganda sizlarda katta maosh berilar ekan, shu odamlarning siz bilan ishlashi shu bilan bog‘liqmi?

Avval aytganimdek, gap odamning maoshi, lavozimida emas, hatto avval qayerdadir rahbarlik qilgan yoki qilmaganligining ham ahamiyati yo‘q — bizga mutaxassislarning noyob bilimlari, tajribalari va qilayotgan ishlariga bo‘lgan munosabatlari kerak. Bizga “mashhur odamlar” yoki bozordagi o‘rta ko‘rsatkichdan yuqori “katta talabga ega” odamlarning kelishi bu bizning biznesimiz va masalalarimiz yuqori saviyada ekanligini bildiradi. Aynan shuning uchun bizning xodimlar katta bilimga ega va boshqa joyda ishlaydiganlarga qaraganda ko‘proq maosh olishadi.

Ammo biz bilimi past darajada bo'lgan odamni ishga olib, qo‘shni kompaniyadan ko‘ra ko‘proq maosh beramiz, degani emas.

Bilasizmi, ayrim kompaniyalar “mutaxassislarni sotib olish” kabi strategiyalarga ega, ammo biz bunday ishlar bilan shug‘ullanmaymiz. Hammasi aksincha. Bizning talablarimiz katta, shuning uchun bizga ushbu talablarga javob bera oladigan odamlar kelishadi. Aynan shuning uchun ularning maoshlari boshqalarnikiga qaraganda kattaroq.

Odamlar haqida so‘z ochildi, ko‘pchilik haligacha Vladimir Dobrinin kimligini tushunib yetmadi? Internetda faqatgina ozgina ma’lumotnomalar bor, xolos. Siz Yota’da bo‘lgansiz, keyin Amerikaga tegishli yangiliklarda paydo bo‘ldingiz, endi O‘zbekistonda…

Shunday bo‘lgani yaxshi. Mening shaxsiy hayotim Google va Yandex’da namoyon bo‘lmaganidan mamnunman (kulyapti).

“Vladimir Dobrinin – kim?”, degan savolga, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?

Bilmayman… Men tadbirkorman, nimanidir boshqacharoq qilishni istaydigan insonman. Nima qilsa ham puxta bajarishni xohlaydigan odamman. Nimadir bapro etib, bundan bahra olishga intiladiganlardanman. O‘zbekiston – bu men biznes boshlagan 13-davlat. Har safar qandaydir yangilik, qiziqarli hodisalar — yangi madaniyat, odamlar, muammolar va chaqiruvlarga duch kelaman. Men uchun 2020-yil bularning bariga boy bo‘ldi, menimcha, hayot mazmuni ham shunda — muammo va chaqiruvlarni yengib o‘tishda. Faqat shu tarzda yangi, noyob, yodda qoladigan narsalarni yaratish mumkin. Aynan shundan men ilhomlanaman.

4 s

Surat: Yevgeniy Sorochin / Spot

— Siz katta kompaniyani boshqarasiz. Aytingchi, kun tartibingiz qanday?

Mashaqqatli. Aytishim mumkinki, oldinlari uchish, turli shaharlarda odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish va biznesni masofadan turmay boshqarish imkoni bo‘lganida bundan ham mashaqqatli edi — dunyo bo‘ylab ko‘p harakatlanishga majbur bo‘lar edim. Endi yengillashdi. Men odatiy tartibda ishlayman, ertalabgi 10 dan kechki 8 gacha — asosan bu uchrashuvlar, qo‘ng‘iroqlar, konferensiyalar, hamkorlar bilan mulohazalar, juda ko‘p pochta. Messenjerimga kelib tushadigan barcha savollarga javob beraman. Odatda kunim mana shunday. Ba’zida yengilroq, ba’zida esa qiyinroq bo‘ladi. Ayrim holatlarda dam olish uchun o‘zimga erk beraman va tunda biron kim bilan restoranga boraman. Vaqti-vaqti bilan kechgacha qolishga majbur bo‘laman, chunki kun davomida hal qilishga ulgurmagan ko‘pgina savollar to‘planib qoladi.

Dam olish kunlaringiz bormi?

Men ham boshqalar kabi dam olishim kerak. Dam olish kunlarida ofisda deyarli hech kim bo‘lmaydi, qo‘ng‘iroqlar bo‘lmaydi, konferensiyalar o‘tkazmaymiz, shuning uchun faqat zarur ishi bo‘lganlar va ishlashni xohlaganlar keladi.

Agar odamlar shanba va yakshanba kunlari dam olishmasa, unda ularning ish haftalari hosildor bo‘lmaydi.

Shuning uchun mening ish tartibim hammaniki bilan bir xil. Qolaversa, men hech kimni dam olish kunlarida bezovta qilgim kelmaydi va shuning uchun hatto xatlarni ham jo‘natmayman — faqatgina shoshilinch yoki favqulodda vaziyatlar, nimadir sodir bo‘lgan holatlar bundan mustasno.

— Qay tarzda kuch-quvvat to‘playsiz? Motivatsiyani qayerdan olasiz?

Kino, sport, sayohatlar, o‘qish.

— Nimalarni o‘qiysiz?

Asosan biznesga oid manbalarni. Nassim Talebni juda yaxshi ko‘raman. O‘ylashimcha, u eng yaxshi zamonaviy faylasuflardan. Agar umuman faylasuflar haqida gapirsak, unda Umberto Ekoni esga olsa arzidi.

— Bozor va kompaniyaga qaytamiz. Siz ko‘pincha potensial haqida gapirasiz, ammo muammolar ham mavjud — korrupsiya, kadrlar yetishmovchiligi, to‘lov qilish imkoniyatining pastligi va boshqalar. Siz qanday muammolarga duch kelasiz va ularni qanday hal qilasiz?

O‘ylashimcha, O‘zbekistondagi muammolardan biri – bu o‘zgarishlarga bo‘lgan tayyorgarlikning pastligi. Ya’ni, o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligi ayon, yondashuvlar, tuzulmalar qayta ko‘rib chiqilishi va yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish lozim.

Odamlar yangi saviyadagi servis taqdim etilishini istaydi, ko‘plab xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar esa bunga deyarli tayyor emas. Ular bir qadam orqada qolib ketdi.

Agar chet eldagi texnik yechimlarni O‘zbekistondagisi bilan solishtirsak, asosiy muammoni aniqlash mumkin bo‘ladi. Nima uchun kompaniyalar munosib saviyadagi servisni yoki qiziqarli takliflarni taqdim etmaydi? Chunki texnologik tomondan tayyor emas.

Hozir qanday o‘zgarishlar va ular qay tarzda amalga oshirilayotganligini kuzatib bormoqdaman, ammo baribir qayta jihozlanish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bu birinchi muammo.

Ikkinchisi — mutaxassislarning o‘zgarishlarga tayyorligi yo‘qligi. Yangi texnologiya bilan ishlar ekansiz, demak yangi fikrlash usuli ham paydo bo‘ladi, hozirda esa odamlar “kechagi kun” texnologiyalari asosida fikr yuritmoqda.

Birinchi o‘rinda odamlarning ongi o‘zgarishi kerak — shunda ular texnologik bazani o‘zgartiradilar. Bu aynan o‘sha tovuq va tuxum haqidagi bahs.

Bu o‘zgarishlarni ekspertlarsiz amalga oshirish mumkinligiga ishonchim komil emas.

Amalda ko‘rish mumkinki, agar o‘zgarishlar kerak bo‘lsa, hamda texnologiyalar va ongda keskin o‘sish bo‘lishi uchun, bunday jarayonni shunday fikrlay oladigan odamlarning nazorati ostida amalga oshirgan ma’qul.

5 s

Surat: Humans

— Raqobatchilaringiz kimlar.

Uyali aloqa operatorlari, banklar, to‘lov tizimlari, chegirma taqdim etadigan tizimga ega barcha do‘konlar. Ular mijozlarimizning qalblarini va ularning iste’molchilik hamyonlaridagi hissalarini egallar ekanlar, shu darajada ular bizning raqobatchilarimizdir. Ammo men doim bozorni, bir tomondan raqobatchilik, ikkinchi tomondan esa, o‘zaro hamkorlik nuqtai nazardan qabul qilaman. Misol keltiraman — siz maktabda o‘qiyotganingizda, sizning barcha do‘stlaringiz bir tomondan — hamkorlaringiz, chunki siz ular bilan birgalikda ta’lim olasiz, bilim yuzasidan va jismonan rivojlanasizlar, boshqa tomondan, ularning hammasi sizning raqiblaringiz — sizlarga doim darslarda baho qo‘yishadi, jamoalarga bo‘linib futbol, basketbol o‘ynaysiz. Hayot shunday tashkillashtirilgan — bir vaqtning o‘zida sizlar ham hamkor, ham raqibsiz.

O‘ylaymanki, biz bozorni vayron qilmasligimiz kerak, bir-birimizning biznesimizni yo‘q qiladigan harakatlarni qilmasligimiz lozim. Kimnidir biznesini vayron qilish uchun biron bir biznesni rivojlantirish hosil olib kelmaydi. Bozor ochiq bo‘lgani, ko‘plab o‘yinchilar ko‘plab xizmatlarni taqdim etganlari yaxshi.

Kimning xizmati yaxshiroq ekanligini iste’molchi hal qilsin. Men uchun aynan nosog‘lom raqobat biznesning emas, bozorning noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi.

— Insofsiz raqobatga duch kelganmisiz? Masalan, mulohazalardagi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi botlar.

Ijtimoiy tarmoqlarda bizning “ashaddiy raqiblarimiz” bor. Yaxshi yoki yomon, deb yozishidan qat’i nazar dildan yozadigan odamlar bilan statistika uchun oldindan javoblar va umumiy salbiy fon yaratish uchun suratlarni tayyorlaydiganlarni farqlash oson. Men uchun bunday usullar samarasiz ko‘rinadi. Odamlar hozirda ko‘p axborot, ijtimoy tarmoqlardagi mulohazalar, internetdagi janjallar bilan shunchalar mashg‘ulki, ular hamma narsani onglariga qabul qila olmaydilar va ko‘pincha qancha izoh yozilganligini emas, balki o‘z fikrlarining tasdiqini izlaydilar. Kompaniyalar bekorga pul sarflaydi. Yaxshi mahsulot uchun salbiy fon yaratib bo‘lmaydi, yoki yomon mahsulot uchun ijobiy fon ham yaratish imkoni yo‘q. Axir buning boshqa tomoni ham bor. Kompaniyalar ortida turadigan odamlar ijobiy mulohazalar orqali o‘zlariga ijobiy imij yaratishga harakat qilishadi.

Ammo siz yaxshi mahsulotni negativ mulohazalar bilan yoki yomonini ijobiylari bilan o‘zgartira olmaysiz, chunki odamlar qalblari va pullari bilan ovoz berishadi — hech qanday mulohazalar ularning fikrini o‘zgartira olmaydi. Mana shunday.

— Shu yili yangi xizmatlar joriy etiladimi? Humans bilan oldingizga nima maqsadlarni qo‘ygansiz va aytaylik, 5 yildan keyin kompaniyada qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

Ha, biz tez orada Rossiya va O‘zbekiston orasida komissiyasiz pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yamiz. Hattoki buning uchun keshbek ham beramiz.

Qolaversa biz O‘zbekistonda kredit olish tajribasini ham o‘zgartirmoqchimiz, mobil operatorning tariflariga esa oilaviy takliflar qo‘shiladi. Bizning maqsadimiz esa — O‘zbekistondagi eng qimmatbaho xususiy kompaniyani barpo etish. Besh yildan keyin kompaniya millionlab mijozlarga xizmat ko‘rsatishini, bozorda barqaror o‘rin egallashini hamda o‘sishda davom etishini istayman.

Go‘zal Otajonova.

Spot.uz internet-nashri